• (GMT+5)     22.09.2017    

      “O’zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 1 iyuldagi PF-3102-son “Respublika yengil sanoatini boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi (hozirgi O‘zbekiston Respublikasining xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi) ning 2002 yil 6 noyabrdagi 347-k-PO-sonli buyrug‘i va ta’sischilarining 2003 yil 25 yanvardagi 1-sonli yig‘ilish bayonnomasi qaroriga muvofiq O‘zbekiston yengil sanoat mollari ishlab chiqarish uyushmasi (“O‘zbekengilsanoat”)ni qayta tashkil qilish tartibida tashkil etildi.

“O’zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston yengil sanoat mollari ishlab chiqarish uyushmasi (“O‘zbekengilsanoat”)ning huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.
Kompaniya ta’sischisi bo‘lib, davlat mulkini boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi va Kompaniya Ustav fondiga ulush kiritgan boshqa xo‘jalik subyektlari hisoblanadi.
Kompaniya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Fukarolik kodeksi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa meyoriy-xuquqiy hujjatlarga muvofiq olib boradi.

Kompaniyaning to‘liq firma nomi:

  • O‘zbek tilida: “O’zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi.
  • Rus tilida: gosudarstvenno-aksionernaya kompaniya  “O’zbekyengilsanoat”.

Kompaniyaning qisqartirilgan firma nomi:

  • O‘zbek tilida: “O’zbekyengilsanoat” DAK.
  • Rus tilida: GAK“O’zbekyengilsanoat”.

Kompaniya yuridik shaxs bo‘lib, u o‘z mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka, shu jumladan o‘zining ustav fondiga berilgan mol-mulkka ega va o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi hamda amalga oshirishi, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.

  • Elektron pochta manzili: info@engilsanoat.uz
  • Kompaniyaning rasmiy veb-sayti: www.engilsanoat.uz

Quyidagilar Kompaniya faoliyatining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi:

  • Respublika iste’mol bozorini yuqori sifatli mahalliy yengil sanoat mahsulotlari bilan to‘ldirish;
  • tarmoqni barqaror rivojlantirishning istiqbolli strategiyasini belgilash;
  • tashqi va ichki bozorlarda raqobatga bardoshli bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish, bunda ip yigirishdan tayyor buyumlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha texnologik jarayonlarda mahsulotlar sifati oshirilishi va qiymati pasaytirilishini nazarda tutish;
  • tarmoqda yagona texnika va investitsiya siyosatini o‘tkazish, to‘qimachilik, trikotaj va tikuvchilik sanoati korxonalarining kooperatsiyalashuviga, ishlab chiqarishni respublikaning aholi zich yashaydigan tumanlarida mahalliylashtirishga ko‘maklashish;
  • xorijiy sheriklar bilan uncha katta bo‘lmagan, ixcham qo‘shma korxonalar tashkil etish, shuningdek yengil sanoat korxonalarini xususiylashtirish va xususiy mulk etib berish masalalariga butun choralar bilan ko‘maklashish, bunda yirik hamda bozor sharoitlariga moslashmagan ulkan korxonalar tashkil etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarishlarni texnika bilan qayta jihozlash va zamonaviylashtirish, bunda ularda zamonaviy ilg‘or asbob-uskunalar va texnologiyalar joriy etilishini nazarda tutish;
  • yengil sanoat sohasida jahon bozorida yetakchi mavqeni egallagan mamlakatlar tajribasini chuqur o‘rganish va marketing tadqiqotlarini tashkil etish, bunda tarmoqning eksport potensialini rivojlantirishga va tovarlarni tashqi bozorlarga kiritishga alohida e’tibor qaratish;
  • tarmoqda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, korxonalar va tashkilotlarga axborot xizmatlari ko‘rsatish, keng reklama faoliyatini amalga oshirish, shuningdek ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmalari va yarmarkalarini, shu jumladan chet ellarda tashkil etish;
  • kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

Kompaniyaning tashqi iqtisodiy faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.